Pedagogika tarixi” fanining maqsad va vazifalari
Gerodotning yozishicha forslar uchun yolg`onchilik va qarzdor bo`lish sharmandalik hisoblangan, ular daryo suviga tupurmaganlar, hatto unda qo`l yuvmaganlar, daryolarni muqaddas sanaganlar.
Pedaqogika tarixi
1. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’lim – tarbiya jarayonida ajdodlar merosidan samarali foydalanishning tarbiyaviy ahamiyati haqida.
2. Maorif va pedagogika tarixi fan va o`quv predmeti sifatida. Pedagogika tarixining maqsadi va vazifalari.
3. Tarbiyaning kelib chiqishi, uning kishilar mehnat faoliyati bilan bog`liqligi. Ibtidoiy jamiyatda tarbiya.
4. Eng qadimgi yodgorliklar va xalq og`zaki ijodida ta’lim va tarbiyaga oid fikrlar.
5. “Avesto” – eng qadimgi ma’rifiy yodgorlik sifatida, uning tarbiyaviy ahamiyati.
1. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’lim – tarbiya jarayonida ajdodlar merosidan samarali foydalanishning tarbiyaviy ahamiyati haqida .
Uzoq va boy tarixga ega bo`lgan Markaziy Osiyo xalqlari o`zining ta’lim – tarbiyaga oid boy merosini yaratib, takomillashtirib, insoniyatning yuzlab avlodlarini insonparvarlik, ilmparvarlik, mehr – oqibat, mehnatsevarlik, do`stlik, saxiylik kabi umuminsoniy fazilatlar ruhida tarbiyalab kelgan. Xalqimiz yaratgan ma’rifiy fikr sarchashmalari qadim – qadimlarga borib taqaladi. Lekin mustaqillikka erishgunimizga qadar biz bu meroslarning baridan bebahra edik. Istiqlolimiz sharofati bilan milliy – madaniy merosimiz, qadriyatlarimiz, ma’naviyatimizni o`rganish va uni yanada yuksaltirish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi.
Yurtboshimiz I.A.Karimov O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida so`zlagan nutqida ta’kidlaganidek: “mamlakatimizning istiqlol yo`lidagi birinchi qadamlaridanoq buyuk ma’naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta’lim – tarbiya tizimini takomillashtirish, uning milliy zaminini mustahkamlash, zamon talablari bilan uyg`unlashtirish asosida jahon andozalari va ko`nikmalari darajasiga chiqarish maqsadiga katta ahamiyat berib kelinmoqda”.
Bu esa qadimiy boy ma’rifiy merosimizning qimmatli manbalarini, bebaho xazinamizni yuzaga olib chiqish, uni hozirgi ilmiy – pedagogik tafakkur iste’moliga kiritishni taqoza etadi.
O`tmish ajdodlarimiz qoldirgan boy milliy qadriyatlarimizning ahamiyatini Prezidentimiz I.A.Karimov o`z asarlarida alohida ta’kidlab deydi: “Xalqimiz tayanchi – ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosning o`zi bir xazina. Bu xazinadan oqilona fodalanishimiz lozim”.
Prezidentimiz jamiyatimiz milliy mafkurasini yaratishda ham o`tmish mutafakkirlarimiz merosini muhim deb biladi. U bu mafkurani yaratishda “milliy tariximiz va umumbashariy taraqqiyot rivojiga unutilmas hissa qo`shgan olimu fuzalolarning mafkura va uning jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida qoldirgan ilmiy merosi, falsafiy qarashlarini har tomonlama o`rganish darkor. Men bu o`rinda Abu Nosir Frobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bahovuddin Naqshband, Najmiddin Kubro kabi ulug` ajdodlarimizning shu mavzuga daxldor asarlarini nazarda tutayapman.
Masalan, Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarini esga olaylik. Buning ming yilcha muqaddam yaratilganiga qaramasdan, bugungi o`quvchi ham bu asardan hozirgi hayotning murakkab muammolarini hal qilishda asqotadigan muhim fikr va yo`l – yo`riqlarni topa oladi”, – deb yozadi.
I.A.Karimov “Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q” risolasida ham o`tmish tariximiz va merosimiz ahmiyatini yorituvchi muhim asardir. Prezidentimizning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q” degan fikrlari faqat ijtimoiy – siyosiy sohaga emas, balki ta’lim – tarbiyamiz va pedagogikamiz sohasiga ham taalluqlidir. Pedagogikamiz tarixini, o`tmishda ta’lim – tarbiya amaliyoti va nazariyasi qanday bo`lganligini bilmasdan turib hozirgi ta’lim – tarbiyamizda yuksak darajaga erishib bo`lmaydi.
2.Maorif va pedagogika tarixi fan va o`quv predmeti sifatida. Pedagogika tarixining maqsadi va vazifalari.
Pedagogika tarixi qadim zamonlardan tortib to hozirgi kungacha bo`lgan urli tarixiy davrlarda tarbiya, maktab va pedagogika nazariyalarining taraqqiyotini davrlar talabi asosida o`rganib keladi.
Pedagogika tarixi ijtimoiy fan bo`lib, uning metodologik asosi yosh avlodni tarbiyalash an’analarini, jamiyatning taraqqiyot bosqichlaridagi o`qitish va kamol toptirish tizimlarini, ularning qonun- qoidalarini, qomusiy mutafakkirlar, ma’rifatparvar adiblar va pedagoglarning ta’lim – tarbiya, ma’rifatga doir g`oyalarini va ularning rivojlanishini mukammal o`rganadigan fandir.
Pedagogika tarixini o`quv kursi sifatida Oliy pedagogika o`quv yurtlarida o`rganish bo`lajak o`qituvchilarni tayyorlashda alohida ahamiyatga ega. Pedagogika tarixi fanini o`rganish – kishilik jamiyati taraqqiyoti yo`lidagi tarbiya pillapoyalarining tajribalariga suyangan holda har bir o`qituvchida pedagogik madaniyat va ularga munosabat bildirish kabi malakalarni shakllantiradi.
Pedagogika tarixi kursi talabaning umumpedagogik bilim darajasini kengaytiradi, pedagogik merosimizga to`g`ri munosabatda bo`lishga imkon beradi, ta’lim va tarbiya nazariyasi va amaliyoti, tarbiya va ta’lim, uning rivojlanish jarayoni, jamiyatning sotsial iqtisodiy rivojlanishi va har bir tarixiy bosqichda ilmiy bilimlar darajasi bilan bog`liqligi to`g`risida aniq tasavvur hosil qiladi. Bo`lajak o`qituvchi pedagogika tarixi kursini o`rgana borib, boshqa psixologiya – pedagogika turkumidagi o`quv fanlari kabi pedagogik tushunchalar yuzasidan fikr yuritishga hamda ularning mohiyatini tushunishga ham o`rgana boradi.
Pedagogika tarixi bo`lajak o`qituvchilarga bilim beribgina qolmay, ularda milliy iftixor va g`urur hissini ham tarbiyalaydi.
Umuman pedagogikamiz tarixini o`rganish millatimiz tarixini o`rganish bilan uzviy bog`liqdir. Yosh avlodni tarbiyalash va ularni o`qitish nazariyasi bilan amaliyotning qanday taraqqiy qilib kelganligini bilmay turib, yoshlarni har tomonlama komil inson qilib tarbiyalash masalalarini ilmiy ravishda hal etib bo`lmaydi.
Eng qadimgi madaniy boyliklarni o`rganishda pedagogika tarixi uch asosiy manbaga tayanadi:
1. Xalq ijodi materiallari.
2. Buyuk adib va allomalarning ijodiy merosi.
3. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan ashyolar.
Pedagogika tarixi uchun hukumatimizning ta’lim – tarbiyaga oid Qonun va qarorlari, prezidentiz I.A.Karimovning asarlari, ilg`or olimlarimizning pedagogik ijodlari, ta’lim – tarbiyaga oid kundalik matbuot materiallari ham muhim manba bo`lib hisoblanadi.
Atoqli mutafakirlarimizning ta’lim – tarbiya sohasida qoldirgan muhim fikrlarini o`rganish, pedagogik tafakkurning o`sishiga, pedagogik madaniyatning ortishiga imkon beradi. Pedagogika tarixi jamiyat taraqqiyoti qonunlariga suyangan holda turli pedagogik nazariyalarni, ta’lim – tarbiya mazmuni va metodlarini o`rgatadi. O`tmishning pedagogik tizimlarida bo`lgan ilg`or fikrlardan ijodiy foydalanadi.
1. Tarbiyaning kelib chiqishi, uning kishilar mehnat faoliyati bilan bog`liqligi. Ibtidoiy jamiyatda tarbiya .
Kishilik jamiyati paydo bo`lishi bilan odamlarda mehnat faoliyati jarayonida ishlab chiqarish tajribalari, mehnat qilish malakalari va mehnat qurollarini ishlatish ko`nikmalari hosil bo`ldi. Bu qurollarni takomillashtirish natijasida nutq va tafakkur o`sib, kamol topa bordi. Keksa avlod mehnat qilish jarayonida orttirgan tajribasi asosida yosh avlodni ham mehnat qilishga o`rgatdi, uni mehnat jarayonida tarbiyaladi.
Shunday qilib, kishilik jamiyatining paydo bo`lishi bilan tarbiya ham vujudga keldi, u bilan birga taraqqiy etdi, jamiyatning o`zgarishi bilan u ham o`zgarib bordi.
Tarbiyaning ijtimoiy vazifasi kishilarni bilim, malaka, ko`nikmalarda aks etgan mehnat, bilim tajribalarini avloddan – avlodga yetkazishdir. Tarbiyani amalga oshirish jarayonini anglash va bu sohadagi tajribalarni o`rganishga bulgan ehtiyojning tug`ilishi pedagogika fanini yuzaga keltirdi.
Shaxs jamiyatdan tashqarida kamol topa olmaydi, jamiyatdan tashqari tarbiya ham bo`lishi mumkin emas. Tarbiya ijtimoiy hodisa bo`lib, jamiyat hayoti, uning to`xtovsiz taraqqiy etib borishi tarbiyasiz bo`lmaydi. Tarbiya bo`lmasa, jamiyat ham bo`lmaydi, jamiyat usiz yashay va taraqqiy eta olmaydi.
Ibtidoiy jamiyatda kishilar o`rtasida tengsizlik, xususiy mulk bo`lmagan. Mehnat va ijtimoiy funksiyalarning taqsimlanishi tabiiy – biologik negizga asoslangan, buning natijasida erkaklar va ayollar o`rtasida mehnat taqsimoti mavjud edi, kishilar yosh jihatidan jamolarga bo`linganlar. Urug`chilik jamiyatidan oldingi jamiyat yosh jihatdan 3 guruhga bo`lingan edi:
1. Bolalar va o`smirlar.
2. Hayot va mehnatning to`la huquqli va to`la qimmatli ishtirokchilari.
3. Umumiy hayotda to`la suratda ishtirok etish uchun jismoniy kuchi bo`lmagan keksalar.
Ibtidoiy jamiyatda bola o`zining hayot faoliyati jarayonida kattalarning ishlarida qatnashib, ular bilan kundalik muomalada bo`lib, tarbiyalanar va ta’lim olar edi. O`g`il bolalar katta yoshdagi erkaklar bilan ov qilish, baliq tutish, qurol yasashda qatnashar, qizlar esa ayollar rahbarligida ekin ekib, hosil yig`ish, ovqat pishirish, idish yasash, kiyim tayyorlash ishlarida qatnashganlar. Matriarxat taraqqiyotining oxirgi bosqichlarida yosh alodning yashashi va tarbiyalanishi uchun ug`il bolalrga alohida va qizlarga alohida – birinchi tarbiya muassasalari – Yoshlar uylari paydo bo`ladi. Yoshlar uylarida bolalar urug` oqsoqollari rahbarligida tarbiyalangan, mehnatga o`tkaziladigan “sinovlar”ga tayyorlanar edilar.
Patriarxat urug`chilik jamoasi bosqichida chorvachilik, dehqonchilik va boshqa kasb – hunar paydo bo`lib, rivojlanib bordi. Bir muncha tashkiliy ravishda tarbiya qilish zarurati tug`ilishi bilan yoshlarni tarbiyalash tajribali kishilarga topshiriladigan bo`ldi.
Jamiyat taraqqiyoti bilan birga bolalarga dalalarni o`lchash, suv toshqinlarini oldini olish, odamlarni davolashga oid bilimlar avj oldi. Natijada maktablarga va yozuvga ehtiyoj sezila boshladi. Dastlab suratli piktografik xat paydo bo`lgan bo`lsa, keyinchalik qo`shni mamalakatlardan kirib kelgan harf bilan yozish usuli paydo bo`ladi va tez tarqala boshlaydi.
Er.Av. birinchi ming yillik o`rtalarida oromiy yozuvi, Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyin esa yunon yozuvi shu bilan birga forsiy mixxat ham ma’lum vaqtlargacha qo`llanib kelingan.
O`sha davrda Xorazm, Sug`d, Kushan, Run, Uyg`ur va boshqa yozuvlar paydo bo`lgan va bu yuksalish ta’lim – tarbiyaning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Inson ibtidoiy jamoa bulib yashash tarzini asta – sekin rivojlantirib borib, jahon madaniyatida katta kashfiyotlar yaratdi. Xitoyda qog`ozning ixtiro etilishi, Hindistonda hisoblash o`nlik tizimining paydo bo`lishi, Mesopotamiyada yer kurrasini graduslarga, sutkani soat, daqiqa va soniyalarga bo`lishning joriy etilishi, Markaziy Osiyoda O`rta dengiz bilan Hindistonni bog`lovichi karvon yo`lining vujudga kelishi, keyin Markaziy Osiy orqali Xitoydan O`rta dengizga “Buyuk ipak yo`li”ning ochilishi kabi muhim voqealar madaniyatning taraqqiy etishi va yozuvning tarqalishiga sabab bo`ldi.
4. Eng qadimgi yodgorliklar va xalq og`zaki ijodida ta’lim va tarbiyaga oid fikrlar.
Demak, eramizning boshlarida hozirgi Markaziy Osiyo hududida yunon va oromiy alifbosi asosida Xorazm, Sug`d, Baqtriya yozuvlari shakllangan.
Eramizdan avvalgi taxminan 484-431 yillarda yashagan yunon tarixchisi Gerodotning “Tarix” kitobida qadimgi forslar, saklar va massagetlarning ta’lim – tarbiyaviy qarashlariga oid muhim ma’lumotlar berilgan.
Forslarning eng sharaflaydigan narsasi jasurlikdir, – deb yozadi olim, – shunga ko`ra ular ko`proq o`g`illarga ega bo`lishdan faxrlanishgan. Podshoh ham kimning o`g`li ko`p bo`lsa, unga sovg`alar yuborib turgan. O`g`il bolalarni 5 yoshdan 20 yoshgacha faqat uch narsaga: otda yurish, kamondan otish, to`g`rilikka o`rgatishgan. O`g`il hech qachon ota – onasini behurmat qilmagan.
Gerodotning yozishicha forslar uchun yolg`onchilik va qarzdor bo`lish sharmandalik hisoblangan, ular daryo suviga tupurmaganlar, hatto unda qo`l yuvmaganlar, daryolarni muqaddas sanaganlar.
Yana bir tarixchi Plutarx fors ayollarining qahramonona jasoratlari haqida yozadi. Yana uning yozishicha Aleksandr Makedonskiy yerli xalqlarga yaqinlashish maqsadida 30 ming bolani ajratib olib, ularga yunon tili va harbiy san’atini o`rgattiradi. Keyinchalik yunon alifbosi qabul qilinib, maktablarda shu asosida o`qitiladi.
Xitoy tarixchilari, ulardan Syuan Szin Samarqand aholisi axloqi va xulq – odobi bilan boshqalarga o`rnak bo`lganligi haqida yozadilar. Bulardan qadimda bolalar o`qitiladigan savod maktablari bo`lganligi, bundan tashqari harbiy mashqlarga o`rgatilganligi ham ma’lum bo`ladi.
Eng qadimgi davrlardagi ta’lim – tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlarni biz xalq og`zaki ijodi namunalari – afsonalar, qahramonlik eposlari, qo`shiqlar, maqol va iboralarda ham ko`ramiz.
Ayniqsa, ibtidoiy kishilarning tabiat va jamiyat haqidagi tasavvurlari, odatlari, munosabatlari xalq og`zaki ijodining eng qadimgi janrlaridan hisoblangan afsonalarda ifodalangan.
Eposlarda xotin – qizlarning fidoyiligi, jasorati, aql – idroki, erkaklar bilan teng sharoitda faoliyat ko`rsatganliklari ifodalanadi. Sak va massaget qabilalari eposlari ayniqsa mashhurdir. Polienning “Harbiy xiylalar” asarida Shiroq afsonasi keltiriladi.
Gerodotning “Tarix” kitobida keltirilgan massagetlar hukmdori Tumaris va Eron shohi Kir haqidagi rivoyatlar ham o`ziga xosdir.
Bulardan tashqari feodal jamiyati boshlarida yaratilgan “Er xubbi”, “Chistoniyalik bek”, “Siyovush”, “Rustam” singari afsona va qahramonlik dostonlari ham katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Umuman xalq og`zaki ijodining barcha janrlarida ham ta’lim – tarbiya, yoshlarning axloqiy barkamolligi masalalariga juda katta e’tibor qaratilganki, biz bulardan o`tmish ajdodlarimizda tarbiya ishlari qanday bo`lganligini, qaysi axloqiy xislatlar ulug`langanligi – yu, qaysi sifatlar qoralanganligini ham bilib olishimiz mumkin.
Turkiy xalqlarning “Urxun – Enasoy yodgorliklari”, “Irq bitiklari” kabi yozma ma’rifiy yodgorliklar ham borki, ularda tarbiyaviy xarakterdagi qarashlarni ko`rishimiz mumkin.
Eng qadimgi turkiy tilda yaratilgan turk – runiy yozuvida bitilgan Urxun – Enasoy bitiklari VI – VIII asrlarda yozib qoldirilgan bo`lib, ular ta’lim – tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlar beradi. Toshga o`yib yozilgan Urxun – Enasoy yodgorliklari dastlab Yenisey (Enasoy) havzalarida, keyin Mo`g`ulistonning Urxun daryosi bo`yida topilib, daniyalik olim Vilgelm Tomson 1893 yilda uni birinchi bo`lib o`qigan. Ko`plab olimlar bu yozuvlar ustida tadqiqotlar olib borganlar.
VI asrlar o`rtalarida Oltoy, Yettisuv, Markaziy Osiyo hududlarida turk hoqonligi tashkil topgan edi. 604 yili hoqonlik bo`linib ketgan va VIII asr o`rtalarida tugatilgan.
Turk hoqonligi asosan 3 kishi: Bilga hoqon (Mo`g`ulon), sarkarda Qul tegin, vazir Tunyuquqlar qo`lida markazlashgan edi.
Bitigtoshlarda turk hoqonlarining yurishlari, jasoratlari, ularning bilimli, mard, xalqparvar alp yigitlar ekanligi bayon etiladi. Masalan, Qo`l tegin bitigida u xalqparvar, tadbirkor, o`z manfaatidan Vatan manaatini yuqori qo`yadigan shaxs sifatida ta’riflanadi. Qo`l tegin Eltarish hoqonning kichik o`g`li, u 731 yil 29 fevralda 47 yoshida vafot etadi. Bitig tosh 732 yili o`rnatilgan. Bitigdagi voqealar Qo`l teginning akasi Bilga hoqon tilidan hikoya qilinadi. Bitig muallifi Qul teginning jiyani Yo`llug` tegindir.
Bitigda yana Bilga eng muhim insoniy xislatlar, hayotiy zaruriyatlar haqida pand – nasihat beradi. Xalkni birlashishga chaqiradi, o`zaro do`stlik, ittifoqlik, vatan manfaati uchun kurashga chorlaydi.
Ikkinchi bitig Bilga hoqon haqida. Bu 735 yili o`rnatilgan. Bilga 734 yili o`ldirilgan. Bitig Yo`llig` tegin tomonidan zilgan. Bu bitigad Bilga hoqonning yurishlari ko`rsatiladi. Bilga elparvar hoqon deb taniladi. U turk xalqining vatani abadiy bo`lishi uchun kurashadi. Hoqonga xos bo`lgan hislat va fazilatlar haqida gapiriladi.
Uchinchi – Tunyukuk bitigi 717 – 718 yillarda, Tunyukuk hayotligida yozilgan. Tunyukuk vatanparvar, insonparvar shaxs sifatida namoyon bo`ladi.
Bu bitiglar asosida turklarning turmush tarzi, jamiyat a’zosining axloqiy qiyofasini belgilovchi muhim sifatlar haqida ma’lumotlar olish mumkin.
Qadimiy yozma yodgorliklardan “Irq bitigi” XIX asr oxirida Sharqiy Turkistonning Dunxuan degan joyidan topilgan. U haqda ma’lumot kam. Asar yuz betdan iborat bo`lib, moniy jamoasidagi Isig Sangun va Ite chuk ismli ikki bola uchun bitilgan. Asar mazmunini nima yaxshi-yu, nima yomonligini tushunish, anglab yetish tashkil etadi. Ana shu yaxshi va yomonning ta’rifi zaminida axloqiy talablar talqin etiladi. Asarda turkiy xalqlarning turmush i, axloqiy munosabatlari asosan qushlar va hayvonlar obrazi orqali aks ettiriladi.
“Irq bitigi”da eng qadimgi ajdodlarimizning xalq og`zaki ijodiga xos, mifologik hamda totemistik ifodalar o`z aksini topgan. Voqealar tush va uning ta’birlari tarzida bayon etiladi.
Umuman bu yodgorliklarda inson kamolotini kuylashga e’tibor qaratilgan. Ularda ajdodlarimizning xulq – odobiga oid dastlabki tasavvurlari, ezgulikka bo`lgan intilishlari ifodalangan.
5.”Avesto” – eng qadimgi ma’rifiy yodgorlik sifatida, uning tarbiyaviy ahamiyati.
“Avseto”da O`rta Osiyo, Ozarbayjon, Eron hamda Yaqin va O`rta Sharq xalqlarining eng qadimgi (er.av. 2-ming yillikning oxirlaridan 1-ming yillikning keyingi asrlarigacha bo`lgan) davrdagi tarixi, ijtimoiy – iqtisodiy hayoti, maishiy turmushi, axloqi, urf – odat, diniy qo`shiqlari, chorvachilik – dehqonchiligi, savdo – sotig`i, qo`shni xalqlar bilan iqtisodiy – madaniy munosabatlari yoritilgan. Bir qarashda “Avesto” sof diniy mazmundagi kitobdek tuyuladi, biroq u falsafa, tarix, axloq, xalq og`zaki ijodiyoti, geografiya, biologiya, ruhshunoslik, tarbiyashunoslik, falakkiyot, tabobat va boshqa maslalarga doir qimmatli ma’lumotlarni o`z ichiga olgan.
Bu kitobning tarixiy manba sifatidagi roliga katta baho bergan yurtboshimiz I.A.Karimov shunday deydi: “”Avesto” ayni zamonda bu qadim ulkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bo`lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor etolmaydi”
Olimlarning mulohazalariga ko`ra “Avesto”ning asoschisi Zardo`sht bo`lib, eramizdan oldingi VI asrda Xorazmda yashagan. U chorvachilik bilan shug`ullangan Spitama urug`idan bo`lib, onasi Dugdava, otasi esa Paurushaspadir.
Zardusht ko`pxudolikka qarshi chiqib, 20 yoshida nor tuyasiga minib (Zardusht – sariq tun egasi demakdir), qishloq va shaharlarda yakkaxudolik g`oyasini olg`a surdi.
Xorazm hukmdorlari ta’qiblari natijasida Zardusht bir guruh tarafdorlari bilan Eronga qochib o`tadi va o`z ta’limotini uzil – kesil shakllantiradi. Eron shohi Vishtaspga o`z diniy ta’limotini asoslab beradi va uning e’tiborini qozonadi. Eronu Turonda otashparastlik dini to`la joriy etiladi. Zardusht 77 yoshida Balx shahrida ko`pxudolik tarafdorlari tomonida o`ldiriladi.
“Avesto” er.avv. VI asrda yaratilgan bo`lib, to`liq kitob holida er.avv. I asrda shakllangan. U 12 ming mol terisiga oltin harflar bilan yozilgan degan ma’lumotlar bor.
“Avesto”ning to`rta: Yasna, Yashta, Vispered, Vendidat qismlari bizgacha yetib kelgan.
“Avesto” uzoq asrlar maboynida bolalarga ilm – ma’rifat o`rgatishda va axloq odob fazilatlarini shakllantirishda dasturul amal bulib kelgan. Zardusht ta’lim – tarbiya masalalariga alohida ahamiyat berib deydi: “tarbiya hayotning eng muhim tayanchi bo`lib hisoblanishi lozim. Har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u avvalo yaxshi o`qishni va so`ngra esa yozishni o`rganishi bilan eng yuksak pog`onaga ko`tarilsin”.
Kitobda bolalarni o`qitish va tarbiyalash qoidalari quyidagicha tavsiya etiladi: a) diniy va axloqiy tarbiya, b) jismoniy tarbiya, v) o`qish va yozishga o`rgatish.
Zardushtiylar bolalar ta’lim – tarbiyasiga katta e’tibor berganlar.
“Pedagogika tarixi” fanining maqsad va vazifalari.
“Pedagogika tarixi” fanining maqsad va vazifalari. Insoniyat tarixiga nazar tashlar ekanmiz, hamma davrlarda har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalash insoniyatning azaliy orzusi bo’lib, ajdodlarimiz ma’rifat, ma’naviyat va madaniyatni qanday qilib yosh avlodga o’rgatish, ularni komillikka etaklash yo’llari, usullari va qonun-qoidalarini izlaganlar. Darhaqiqat insonning ma’rifiy va ma’naviy komillikka erishishi tarbiya deb atalmish ijtimoiy hodisa orqali amalga oshirilgan. Jamiyat rivojlangan sari etuk, barkamol shaxslarni tarbiyalab etishtirish ehtiyoji ortib, o’zgarib, yangilanib borgan.Insoniyat jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ta’lim-tarbiya muassasa-larini yaratish, yosh avlodlarni o’qitish va tarbiyalash sohasidagi tajribalarni nazariy jihatdan anglash, umumlashtirish va hayotga tadbiq qilish jarayonida pedagogika fani shakllandi.
“Pedagogika” atamasi yunoncha bo’lib, “bola etaklovchi” degan ma’noni bildiradi. Tarixiy manbalarning ko’rsatishicha, qadimgi Yunonistonda o’z xo’jayining bolalarini sayr qildirgan, maktabga olib boradigan qullarni “bola etaklovchi”, ya’ni tarbiyachini “pedagogos” deb atashgan. Keyinchalik esa bolalar ta’lim tarbiyasi bilan shug’ullanishga maxsus tayyorlangan o’qimishli donishmandlarni “pedagog” deb atay boshlaganlar.
Shuningdek, Yunonistonda bolalarning “donishmand”lar bilan suhbatini esa “maktab” deb atashgan. Garchi “maktab” yunon so’z bo’lib, “bo’sh vaqt, mehnatdan dam olish” ma’nosini anglatgan bo’lsa-da, hozirda “maktab” esa ta’lim-tarbiya muassasasi sifatida xizmat qilmoqda. Pedagogika tarixiga nazar tashlar ekanmiz, hozirgi
O’zbekiston hududidan topilgan eng qadimgi asori atiqalar, o’zbek xalq pedagogikasi, zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”, turkiy xalqlarning eng qadimgi yozma ma’rifiy yodgorliklari “Urxun – Enasoy yodgorliklari” va “Irq bitiklari”, islom ta’limotining asosiy manbalari “Qur’oni Karim” va Hadislarda, shuningdek, tasavvuf ta’limotida ilgari surilgan komil inson tarbiyasi va ta’lim-tarbiyaning mazmuniga oid g’oyalar ma’rifiy-pedagogik ahamiyatga ega bo’libgina qolmasdan, balki pedagogikaning fan sifatida shakllanishida, ta’lim va tarbiya mazmunining boyib borishida hamda komil insonni tarbiyalashda muhim manba ekanligi namoyon bo’ladi.
Sharq qomusiy olimlari va ma’rifatparvar pedagoglari Muso al-Xorazmiy “Alkitob al-muxtasar fi-hisob al-jabr val-muqobala”, Al-Kindiy “Insoniy bilimlar tasnifi”, Abu Nasr al-Forobiy “Ixso al-ulum” (“Ilmlar tasnifi”) va “Fozil odamlar shahri”, Abu Ali ibn Sino “Donishnoma”, “Tadbiri manzil” va “Aqsom al-ulum aqliyya”, Abu Rayhon Beruniy “Minerologiya”, “Hindiston”, “Saydona”, Abu Abdulloh al – Xorazmiy “Mafotih al-ulum” (“Ilimlar kaliti”), Ismoil al – Buxoriy “Al-Jome’ as-sahih” va “Aladab al-mufrad”, Abu Iso at-Termiziy “Al-Jome’ as-sahih”, Yusuf Xos Hojib “Qutadg’u bilig”, Kaykovus “Qobusnoma”, Zamaxshariy “O’git va nasihatlarning oltin shodalari”, Najmiddin Kubro “Odob qoidalari”, So’fi Olloyor “Sabot ul-ojizin” Burxoniddin Zarnudjiy “O’quvchiga ta’lim yo’lida yo’llanma”, Ahmad Yugnakiy “Hibat ul -haqoyiq”, Amir Temur “Temur tuzuklari”, Ulug’bek “Zij” va “Tarixi arba’ ulus”, Alisher Navoiy “Hamsa” va “Maxbub ul-qulub”, Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Abdurahmon Jomiy “Bahoriston”, Sa’diy “Guliston”, Davoniy “Axloqi Jaloliy”, “Husayn Vaiz Koshifiy, “Axloqi Muhsiniy”, Bobur “Boburnoma”, Abdulg’oziy “Shajarai turk” va “Shajarai tarokima”, Munis Xorazmiy “Munis ul-ushshoq”, va “Savodi ta’lim”, Muhammad Sodiq Qoshg’ariy “Odob as-solihin” (“Yaxshi kishilar odobi”), Muhammadrizo Ogahiy “Ta’vizul-oshiqin”, Furqat “Ilm hosiyati”, “Ko’rgazma” va “Gimnaziya”, So’fi “Ustod”, “Mudarris” va “Dars”, Ahmad Donish “Navodirul vaqoe” (“Nodir voqealar”), Saidrasul Saidazizov “Ustodi avval”, Ali Askar Kalinin “Muallimi Soniy”, Munavvar Qori “Adibi avval”, Abdulqodir Shakuri “Rahnamoi savad”, Abdulla Avloniy “Adabiyot yohud milliy she’rlar” (“Adabiyotdan xrestomatiya”), “Adibi avval”, “Ikkinchi muallim” va “Turkiy guliston yohud axloq”, Mahmudxo’ja Behbudiy “Bolalar uchun kitob”, “Islomning qisqacha ta’rifi”, “Amaliyoti islom”, Sadriddin Ayniy “Taxzib us-sibyon” (“Bola tarbiyasi”), Abduxoliq Usmon Qori “Tahsil ul-tavjid”, “Engil adabiyoti”, Muhammadjon Qori Naimjon “Odobli bola”, Rahimov Muhammadjon Mirza “Ta’limiy hisob” (“Arifmetika ta’limi”), Saidahmad
Siddiqiy “Mir’ati adab” (“Odob ko’zgusi”), Abdurauf Fitrat “Rahbari najot” va “Sayyohi hindi bayonoti”, H.H.Niyoziy “Qiroat” (“Engil adabiyot”, “O’qish kitobi” kabi ma’rifiypedagogik asarlarida, G’arbda esa Platon “Davlat”, Aristotel “Siyosat”, Yan Amos Komenskiy “Buyuk didaktika”, Iogann Genrix Pestolotstsi “Gertruda o’z bolalalarini qanday qilib o’qitadi”, Iogann Gerbart “Tarbiya maqsadlaridan kelib chiqqan umumiy pedagogika”, “Psixologiyani pedagogikaga tatbiq qilish to’g’risidagi xatlar”, “Pedagogikaga doir lektsiyalar ocherki”, Adolf Distverg “Nemis o’qituvchilarini o’qitish uchun qo’llanma”, Konstantin Dmitrievich Ushinskiy “Bolalar dunyosi”, “Muallimlar uchun qo’llanma”, “Kishi – tarbiya predmeti sifatida” (“Pedagogik antropologiyadan tajriba”), Lev Nikolaevich Tolstoy “Alifbe” va “O’qish kitobi”, Anton Semenovich Makarenko “Pedagogik poema”, “Ota-onalar kitobi”, “Bolalar tarbiyasi to’g’risida lektsiyalar”, “Ta’lim-tarbiya tajribasidan ba’zi xulosalar”, Vasiliy Aleksandrovich Suxomlinskiy “Pavlish maktabi”, “Bolalarga jonim fido” kabi asarlarida va o’zlarining ijodiy pedagogik faoliyatlarida pedagogikaning bosh masalasi – tarbiya muammosi va ta’lim mazmuniga turlicha munosabat bildirib, pedagogika ta’lim-tarbiya haqidagi fan ekanligini asoslab berdilar.
Qomusiy olim Abu Nasr Forobiy ta’lim va tarbiyaga birinchi marta shunday ta’rif bergan edi: “Ta’lim, – degan so’z xalqlar va shaharliklar o’rtasida nazariy fazilatni birlashtirish, tarbiya esa shu xalqlar o’rtasidagi tug’ma fazilat va amaliy kasb-hunar fazilatlarini birlashtirish degan so’zdir.
Ta’lim faqat so’z va o’rgatish bilangina bo’ladi. Tarbiya esa, amaliy ish tajriba bilan, ya’ni shu xalq, shu millatning amaliy malakalardan iborat bo’lgan ish-harakat, kasb-hunarga berilgan bo’lishni, o’rganishidir”
Ma’rifat darg’asi A.Avloniy “Turkiy guliston yohud axloq” asarida esa pedagogika fanini aniq va tushunarli qilib ta’riflaydi: “Tarbiya «pedago’giya”, ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur…
“Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir…”
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib,pedagogika tushunchasini tarixiy taraqqiyotiga quyidagi umumlashgan ta’rifni bersak bo’ladi: pedagogika jamiyatning ta’lim va tarbiyaga bo’lgan ehtiyojini qondirishga yo’naltirilgan ilm – fan va amaliy faoliyat sohasidir.
Comments are closed, but trackbacks and pingbacks are open.